So‘nggi yillarda raqamli xizmatlar kengayishi bilan birga, internet firibgarligi holatlari ham ortib bormoqda. Davr bank mijozlari xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadi va har bir foydalanuvchini moliyaviy firibgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqiradi. Quyida sizni himoya qilishga yordam beradigan muhim tavsiyalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga bermang
Bank xodimlari hech qachon sizdan telefon orqali PIN-kod, SMS orqali yuborilgan tasdiqlash raqamlari yoki kartangizning orqa tomonidagi CVV-kodni so‘ramaydi. Agar sizdan kimdir bunday ma’lumotlarni so‘rasa — bu firibgarlik bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.
Rasmiy manbalardan foydalaning
Mobil ilovani yuklab olish yoki internet-bankingga kirishda faqat bankning rasmiy veb-sayti — www.davrbank.uz yoki tasdiqlangan ilovalar do‘konlaridan foydalaning. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noma’lum havolalarga kirmang va shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritmang.
Soxta sovrinlar va “yutuqli o‘yinlar”ga ishonmang
Firibgarlar ko‘pincha “Siz yutdingiz!” kabi yolg‘on xabarlar orqali kartangiz ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qilishadi. Davr bank hech qachon mijozlardan yutuqni olish uchun oldindan to‘lov talab qilmaydi.
Kartangizni va “Davr Mobile 2.0” ilovasini himoyalang
Kartangizdan faqat ishonchli joylarda foydalaning.
“Davr Mobile 2.0” ilovasi uchun qiyin parol yarating va uni muntazam ravishda yangilab turing.
Agar kartangiz yo‘qolsa yoki shubhali tranzaksiya sezsangiz, uni darhol bloklang.
Xavfsizlik – sizning qo‘lingizda
Davr bank mijozlarining moliyaviy xavfsizligi uchun doimiy tarzda axborot tizimlarini takomillashtirib boradi. Ammo firibgarlardan himoyalanishda har bir mijozning hushyorligi ham muhim ahamiyatga ega. Shubhali holatlarda bankning rasmiy aloqa markaziga murojaat qiling va o‘zingizni, shaxsiy mablag‘laringizni himoya qiling!