2026 yil 22 yanvar kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Obidjon Latipov nomli sahifada e’lon qilingan videomurojaat yuzasidan “Davr bank” XATB quyidagilarni ma’lum qiladi:
“Davr bank” XATB naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish borasidagi davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli, milliy to‘lov tizimlaridagi so‘m kartalaridan POS terminallar orqali to’lovlar uchun videomurojaatda aytib o‘tilgan cheklov o‘rnatilmagan.
Biroq, xalqaro to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalarda firibgarlik holatlari tez-tez kuzatilayotganligi sababli xalqaro to‘lov tizimlari kartalari orqali to‘lov terminallari orqali amalga oshiriladigan amaliyotlarga har bir terminal uchun kunlik 1000 AQSh dollari ekvivalenti miqdorida cheklovlar joriy etilgan.
Mazkur choralar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq bo‘lib, bankning risklarni boshqarish va ichki siyosatiga asoslangan. Bank naqdsiz to‘lovlarning xavfsizligi va shaffofligini ta’minlash orqali o‘z mijozlarining mablag‘lari va manfaatlarini himoya qilish choralarini ko’rishda davom etadi.
Shuningdek, murojaat muallifi tomonidan ko‘tarilgan masala bank mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, qisqa fursatda ijobiy hal etildi va mijozning amaliyoti shu kunning o‘zida muvaffaqiyatli yakunlandi.