“DAVR BANK” XATB Yakkasaroy filialiga kelib tushgan murojaatga asosan, 2026 yil 23 yanvar kuni amalga oshirilgan operatsiyalar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
2026 yil 23 yanvar kuni soat 10:55 atrofida mijoz — “T.T.S” MCHJga tegishli hisob raqamdan
4 567 891 234 (to‘rt milliard besh yuz oltmish yetti million sakkiz yuz to‘qson bir ming ikki yuz o‘ttiz to‘rt) so‘m
mablag‘ boshqa bank mijozi hisoblangan “Z” MCHJning hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Mazkur operatsiya bank xodimlarining harakatlari yoki ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotganidek, xakerlik hujumi natijasida emas, balki mijozga taqdim etilgan e-pass kaliti orqali amalga oshirilgan. Operatsiya bajarilgan qurilmaning IP manzillari aniqlangan bo‘lib, holat yuzasidan vaziyatga oydinlik kiritilgan.
Ushbu holat bo‘yicha “DAVR BANK” XATB tomonidan mijozning 2026 yil 27 yanvar kungi №12-sonli murojaatiga rasmiy javob xati taqdim etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi №3229-sonli Nizomining 20-bandiga muvofiq:
“Mijozlar tomonidan taqdim etilgan to‘lov hujjatlarining rasmiylashtirilishi va ulardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun javobgarlik ushbu hujjatni imzolagan mijoz zimmasiga yuklatiladi. Tizim orqali yuborilgan to‘lov hujjatlaridagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun mijoz javobgar hisoblanadi.”
Mazkur norma asosida, tizim orqali mijoz tomonidan amalga oshirilgan ushbu to‘lov operatsiyasi bo‘yicha bank qonunchilikka muvofiq javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
“DAVR BANK” jamoatchilikka faqat tekshirilgan va rasmiy ma’lumotlarni taqdim etish tamoyiliga qat’iy amal qiladi hamda fuqarolarni to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida hushyor va ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi.