· 40 million dollarlik moliyalashtirish paketi O‘zbekiston bo‘ylab kichik korxonalarni kreditlashni kengaytirishga yo‘naltirildi. Bundan 25 foizi ayollar rahbarligidagi bizneslarga ajratiladi.
· Loyihadan bo'sh ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsad qilingan.
2025 yilning 25 sentyabrida tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va “Davr bank” o‘rtasida 40 million dollarlik kredit kelishuvi imzolandi. Ushbu mablag‘lar mamlakat bo‘ylab kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ayollar rahbarligidagi bizneslarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Moliyalashtirish paketi IFCning 30 million dollarlik shaxsiy krediti hamda Invest in Visions GmbH (mikro va kichik kreditlar bo‘yicha ijtimoiy ta’sir investori) tomonidan jalb qilingan qo‘shimcha 10 million dollardan iborat. Bu mablag‘lar kichik biznesdagi moliyaviy yetishmovchilikni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“IFC bilan hamkorlik orqali biz mamlakatdagi kichik biznes va ayol tadbirkorlarni yanada kuchliroq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ular O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yangilik va barqarorlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish orqali biz minglab tadbirkorlarning salohiyatini oshirishga ko‘maklashamiz” — dedi “Davr bank” Boshqaruvi raisi Abdumajid Samadov.
O‘zbekiston iqtisodiyotida mikro va kichik bizneslar muhim o‘rin tutadi hamda bandlikning katta qismini tashkil qiladi. Biroq bu sohadagi tadbirkorlar, ayniqsa ayollar rahbarligidagi bizneslar, hanuz moliyalashtirishda ayrim muammolarga duch kelishadi.
“Mikro va kichik bizneslarni, ayniqsa ayollar rahbarligidagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash — IFCning O‘zbekistondagi asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bizning “Davr bank”ga kiritadigan investitsiyamiz orqali inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning xususiy sektorini mustahkamlashni maqsad qilganmiz”, — dedi IFCning Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha Moliya muassasalari guruhi mintaqaviy menejeri Alen Nunk.
Ushbu loyiha IFC’ning MSME Finance Platform – Base of the Pyramid Envelope dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. U moliyaviy inklyuziyani kengaytirish, shu jumladan, mikro va kichik bizneslar, norasmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar hamda kam daromadli aholiga uzoq muddatli moliyaviy resurslar taqdim etishga qaratilgan.